Yozgi transfer oynasi boshlanishiga atigi bir necha oy qoldi, ammo Premer-liga klublari allaqachon o‘z byudjetlarini tayyorlab, Yevropaning eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilari uchun kurashga hozirlik ko‘rmoqda. Angliyadagi yangi xabarlarga ko‘ra, shunday nishonlardan biri “Ruzenborg” yarim himoyachisi Sverre Nypan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ushbu iste’dodli norvegiyalik futbolchini qo‘lga kiritish uchun kamida uchta Premer-liga grandi kurash olib bormoqda.
Sverre Nypanni kim sotib olmoqchi?
The Athletic nashridan Devid Ornshteynning xabar berishicha, “Aston Villa” nafaqat Nypan uchun kurashga qo‘shilgan, balki “Ruzenborg” bilan bitim tuzishga yaqinlashib, yetakchi pozitsiyani egallab ulgurgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nypan qish faslida “Birmingem” klubi bilan muzokaralar olib borgan, biroq yakunda Eliteserien (Norvegiya oliy ligasi)da qolishga qaror qilgan. Shunga qaramay, “Villa” Nypan bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishishga umid qilmoqda, hatto ichki raqobatchilardan kelayotgan qiziqishlarga qaramasdan.
Agar “Villa” bu 18 yoshli talantni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsa, ular tez harakat qilishi kerak, chunki Nypan boshqa klublar bilan ham faol bog‘lanmoqda. Oldinroq shu nashr xabar berishicha, “Arsenal” ham Nypanni qo‘lga kiritish ustida ishlamoqda — uni keyingi mavsumda Mikel Arteta jamoasida Martin Edegorga zaxira sifatida ishlatish rejalashtirilgan. Bu esa “Villa” uchun yanada murakkabroq raqobatni anglatadi, chunki “Manchester Siti” ham Nypan bilan bog‘langan.
Nypan yanvarda “Man Siti”ning “Chelsi”ga qarshi 3:1 hisobida g‘alaba qozongan o‘yinida “Etihad” stadionida tomoshabinlar orasida bo‘lgan. Shunga qaramay, ayni paytda “Villa Park” jamoasi transferda peshqadamlik qilayotgandek. Hozirda Nypanning bozor qiymati 12 million yevroga baholanmoqda va u Yevropaning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sanaladi. U 2022-yilda atigi 15 yoshida Norvegiya oliy ligasida debyut qilgan — undan yoshroq holda atigi olti futbolchi o‘ynagan, shulardan eng kichigi esa Martin Edegor bo‘lgan. 2023-yil may oyida esa u “Ruzenborg” safida atigi 16 yosh-u 145 kunligida gol urgan eng yosh futbolchiga aylangan.

Sverre Nypan qanday futbolchi?
Nypan allaqachon “Ruzenborg” safida 60 dan ortiq birinchi jamoa o‘yinlarida ishtirok etgan va yarim himoyachi sifatida ajoyib statistikaga ega. U shu paytgacha 14 ta gol urgan va 11 ta golli uzatma bergan. Faqat liga o‘yinlarida u har 178 daqiqada gol yoki assist qayd etmoqda — markaziy yarim himoyachi uchun bu ajoyib ko‘rsatkich.
“U markaziy yoki hujumkor yarim himoyachi bo‘lib, o‘z yoshiga nisbatan juda yuqori futbol IQga ega,” — deydi Norvegiya bo‘yicha Transfermarkt bozor qiymatlarini kuzatuvchi Bastian Shmitz. “U ikkala oyog‘ida ham o‘ynay oladi, ijodkor va to‘p uzatish madaniyati kuchli — ko‘p uzatmalari aqlli bo‘ladi. To‘pni yaxshi nazorat qiladi va mehnatkash.”
Nypanning qaysi pozitsiyada to‘liq shakllanishi hali aniqlik kasb etmagan. U Norvegiyada turli pozitsiyalarda o‘ynatilgan: “Bu mavsumda u ‘yolg‘on to‘qqiz’ va hujumkor yarim himoyachi sifatida maydonga tushdi, biroq chuqurroq pozitsiyada o‘ynashi unga ko‘proq mos keladi,” — deya tushuntiradi Shmitz. Uning tanasi hali ham o‘sishda davom etayotgani sababli mavsum boshida biroz jismoniy muammolarni boshdan kechirgan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Nypan 37 o‘yinda markaziy yarim himoyachi sifatida, 7 o‘yinda markaziy hujumchi va 4 o‘yinda hujumkor yarim himoyachi sifatida harakat qilgan.
Haaland, Edegor va endi Nypan?
Ko‘pchilik Premer-liga muxlislari bu yosh yarim himoyachi haqida hali ko‘p narsa bilmasligi mumkin, ammo norvegiyalik iqtidorli futbolchilar tobora ko‘proq top-klublar radariga tushayotgani hech kimni ajablantirmaydi. Norvegiya oxirgi yillarda Yevropaning eng iqtidorli futbolchilarini yetishtirib berayotgan mamlakatga aylanib bormoqda — Sander Berge (“Fulhem”), Yorjen Strand Larsen (“Vulverxempton”), Martin Edegor (“Arsenal”) va Erling Haaland (“Man Siti”) bunga misol.
Garchi Nypan hali to‘liq tanilmagan futbolchi bo‘lsa-da, uning transfer narxi tez orada tarixga kirishi mumkin. U “Ruzenborg” tarixidagi eng qimmat transfer – Jon Karevning 2001-yilda “Valensiya”ga 8.5 million yevroga o‘tgan transferidan ikki baravar qimmatroq bo‘lishi mumkin. Agar yozgi transferda kurash jiddiy tus olsa, Nypan eng qimmat 10 norvegiyalik futbolchi ro‘yxatiga kirib, hattoki Berge’dan ham yuqoriroq joy egallashi ehtimoldan xoli emas.