Yangi Premer-liga chempionligini qo‘lga kiritgan “Liverpul” jamoasida kamchilik topish mushkul bo‘lishi mumkin, biroq klub rahbariyati allaqachon keyingi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishga kirishgan. Yozgi transferlar esa tarkibni yangilash va kuchaytirishning asosiy yo‘li bo‘lib qolmoqda. Daily Mail’ning xabariga ko‘ra, “Liverpul” yozda uch nafar futbolchini asosiy nishonga aylantirgan: “Bornmut”dan himoyachilar Din Xuyssen va Milosh Kerkez, hamda “Ayntraxt Frankfurt”ning hujumchisi Ugo Ekitiké.
Angliya nashrining yozishicha, “Liverpul” yozda Darvin Nunyesni sotishni rejalashtirmoqda va Ekitiké uning o‘rnini bosuvchi eng munosib variant sifatida ko‘rilmoqda. Demak, bu yosh hujumchi qanchalik kuchli va u “Liverpul”ning hujumdagi muammolariga yechim bo‘la oladimi?
Ligue 1da omadsizlik, Germaniyada porlash
Ekitiké faoliyatini Fransiyaning “Reyms” klubida boshlagan. U 2021/22-yilgi mavsumda jamoa safida porlab, 27 o‘yinda 11 gol va 5 assist bilan e’tiborni tortgan. Bu natijalar unga 2023-yilda “PSJ”ga €28.5 million evaziga o‘tish imkonini berdi. Biroq Parij klubida u kutilgan darajada o‘yin ko‘rsatmadi — 33 o‘yinda bor-yo‘g‘i 8 gol va assist. Natijada u 2024-yil yanvar oyida “Ayntraxt”ga ijaraga berildi.
Germaniyada esa Ekitiké chinakamiga ochildi. U Frankfurt jamoasi safida qisqa muddatda ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi va shundan so‘ng yozda atigi €16.5 million evaziga doimiy asosda sotib olindi. Bundesligadagi bu mavsumda u eng omadli transferlardan biri sifatida baholanmoqda.
Yosh, texnik jihatdan kuchli va tezkor Ekitiké Premer-liga jamoalarining diqqat markazida bo‘lib turibdi. “Liverpul”dan tashqari, “Arsenal” va “Tottenxem” ham unga qiziqish bildirmoqda.

Ekitiké – Yevropaning eng istiqbolli yosh hujumchilaridan biri bo‘lib, Salah bilan juftlikda porlay oladimi?
Ugo Ekitiké Frankfurtga o‘tganidan beri nafaqat muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi, balki gollar va assistlar bo‘yicha ajoyib statistikani ham qayd etmoqda. Hozirgi holatda, 23 yoshgacha bo‘lgan yevropalik futbolchilar orasida Ekitikédan faqatgina “Barselona” yulduzi Lamin Yamal va “PSJ”dan Bredli Barkola ko‘proq gollar va assistlar qayd etgan.
Bu uning “Liverpul” radarida bo‘lishini tushuntirib beradi. Shu bilan birga, Ekitiké so‘nggi oylarda “Arsenal” va “Tottenxem” bilan ham jiddiy bog‘lanmoqda. Frankfurtda o‘z formasini topgani tufayli, hujumchining bozor qiymati ham keskin oshdi — PSJda faqat €15 million bo‘lgan qiymati hozirda €55 millionga yetdi. Bu uni nafaqat Frankfurtdagi eng qimmat futbolchi, balki Bundesligadagi sakkizinchi eng qimmat o‘yinchi va butun dunyodagi 14-eng qimmat markaziy hujumchiga aylantirdi.
Salah bilan ideal hujum juftligi bo‘lishi mumkinmi?
Ekitiké’ning statistikasi uni yuqori darajadagi hujumchi sifatida ko‘rsatmoqda. Ammo yana bir muhim jihat shuki, u “Liverpul” uchun Mohamed Salah bilan ideal hujum tandemi bo‘lishi mumkin. Darvin Nunyes Arne Slotning tizimiga moslasha olmayotgan bir paytda, Ekitiké esa kenglikda o‘ynaydigan yulduzlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha katta tajribaga ega — xususan, PSJda Kylian Mbappe bilan va Frankfurtda Omar Marmoush bilan.
Marmoush Frankfurtda qanotdan markazga kirib gol urishni yaxshi ko‘radigan, Salahga o‘xshash uslubdagi hujumchi edi. Ekitiké bilan birgalikda Marmoush 26 o‘yinda 20 gol va 14 assist bilan ajoyib natijaga erishgan. Yanvarda “Manchester Siti”ga €75 million evaziga o‘tgach, Ekitiké jamoaning asosiy hujumchisiga aylandi va o‘z o‘rnini munosib egalladi.
Statistikaga ko‘ra, Marmoush bor paytda Ekitiké har 90 daqiqada o‘rtacha 0.85 gol+assist ko‘rsatkichini qayd etgan bo‘lsa, Marmoush ketgach bu raqam atigi 0.79 ga tushdi. Bu esa Ekitiké’ning moslashuvchanligini va yakka hujumchi sifatida ham samarali o‘ynay olishini ko‘rsatadi — bu Slot va “Liverpul” jamoasi uchun juda ijobiy signal bo‘lishi mumkin.