Krishtianu Ronaldo Saudiya Arabistonidagi “Al-Nassr” safida yana bir alamli mag‘lubiyatga uchradi — jamoa Osiyo Chempionlar Ligasidan chiqib ketdi. Shanba kuni bo‘lib o‘tgan yarim finalda “Al-Nassr” favoritar sifatida “Al-Ahli”ga qarshi final yo‘llanmasi uchun kurashishi kerak edi, biroq yaponiyalik “Kavasaki” jamoasidan kutilmagan zarba oldi.
Uchrashuv davomida “Al-Nassr” to‘liq ustunlik qilgan bo‘lsa-da, Yaponiya oliy ligasida sakkizinchi o‘rinda borayotgan “Kavasaki” tarixiy 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. “Al-Nassr” safida Sadio Mane gol urdi, ammo Ronaldo oxirgi daqiqalarda ajoyib imkoniyatni boy berdi. “Manchester Yunayted”ni tark etib, 2023-yilda “Al-Nassr”ga qo‘shilganidan beri ko‘plab gollar urayotgan bo‘lishiga qaramay, Ronaldo hali ham Yaqin Sharqda katta sovrin yuta olmayapti.
Krishtianu Ronaldoning “Al-Nassr”dagi sovrinsiz davri
Ronaldo futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri sifatida nom qozongan. U besh marta Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan, Angliya Premer-ligasida uch marta, Ispaniya va Italiyada esa ikki martadan chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 2016-yilda Portugaliya bilan Yevropa chempioni bo‘lgan va besh marotaba “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan — bu borada faqat Lionel Messidan ortda qolgan.
Ammo “Real Madrid” tarixidagi eng yaxshi to‘purar hali ham “Al-Nassr” bilan birorta ham yirik sovrinni qo‘lga kirita olmagan. U klub bilan 101 o‘yinda 91 ta gol urganiga qaramay, Saudiya Pro Ligasi, Osiyo Chempionlar Ligasi yoki boshqa ichki turnirlarda chempion bo‘la olmadi. Ronaldoning “Al-Nassr” bilan shartnomasi iyun oyida yakunlanadi va hozircha yangi kelishuv imzolanmagan — bu esa uning kelajagini noaniq holga keltirgan.