Clearlake Capital rahbarligi ostida “Chelsi”ning katta salohiyatga ega yosh futbolchilarni xarid qilish strategiyasi aniq ko‘rinmoqda. Yevropa Konferensiyalar Ligasida g‘olib chiqqan London klubi so‘nggi mavsumlarda ko‘plab iqtidorlarni xarid qilgan — bu yozda Janubiy Amerikaning mo‘jiza bolalari Estevao va Kendri Paes “Stemford Brij”ga ko‘chib o‘tadi. “Chelsi”ning bu strategiyasi anchayin tanqid qilinsa-da, agar ular bu futbolchilarni rivojlantirib, birinchi jamoada o‘ynamasalar ham foyda evaziga sotishga muvaffaq bo‘lishsa, bu yondashuv maʼqul deb baholanishi mumkin.
Vaqt bu strategiya muvaffaqiyatli bo‘ladimi-yo‘qmi, degan savolga javob beradi, ammo hozirda “Chelsi” navbatdagi isteʼdod – Bright Ede bilan shartnoma imzolashda favorit sanaladi. Klub rahbarlari Konferensiyalar Ligasi doirasidagi “Real Betis”ga qarshi o‘yinda Vrotslavda bo‘lgan vaqtlarida Ede vakillari bilan uchrashgani maʼlum. 18 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda ilk bor professional debyut qilgan, ammo u allaqachon nihoyatda iqtidorli futbolchi sifatida baholanmoqda va aynan “Chelsi” uni qo‘lga kiritishga yaqin. “Arsenal” ham uni yaqindan kuzatib bormoqda.

Bright Ede kim?
Polshalik himoyachi yanvar oyida “Zaglebie Lyubin” klubidan “Motor Lyublin”ga atigi 100 ming yevro evaziga o‘tgan, biroq u allaqachon katta summadagi transfer bilan bog‘lanmoqda. Ede Polsha oliy ligasi — Ekstraklasada bor-yo‘g‘i olti o‘yinda maydonga tushgan, ammo o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan va “Motor Lyublin” uni taxminan 11 million yevroga baholamoqda. “Chelsi” bu yozda uni xarid qilishni ko‘rib chiqmoqda va futbolchini avtomatik tarzda o‘zining “Strasburg”dagi qardosh klubiga ijaraga yuboradi. O‘tgan mavsumda bu hamkorlik muvaffaqiyatli kechdi — Andrey Santos “Strasburg”da yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ede ham bu klubda o‘ynagan Mamadu Sarrning o‘rnini egallashi mumkin, Sarr esa yozda “Chelsi”ga o‘tishi kutilmoqda.
Transfermarkt’dagi polyak futboli bo‘yicha ekspert Mixael Sroka Ede haqida quyidagicha fikr bildirgan: “Ede haqida hozircha xulosa chiqarish uchun hali erta — u atigi olti ta birinchi jamoa o‘yinida qatnashgan, bu esa yetarli statistik namunalar emas. Ammo u jismonan kuchli, chap oyog‘i yaxshi va himoyadan hujumni boshlashda aʼlo darajadagi fikrlash qobiliyatini ko‘rsatgan. U hali juda xom, ayniqsa ‘Zaglebie Lyubin’ uni atigi 5 oy oldin 100 ming yevroga sotgani ham ko‘pchilikni hayratga solgan.”