Kilian Mbappe «Real Madrid» safidagi sust startidan so‘ng tanqidchilarni jim qildi va nega u dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri ekanini isbotladi. 26 yoshli hujumchi futbol tarixidagi eng uzoq davom etgan transfer mish-mishlarini birini yakunlab, yozda PSJ bilan shartnomasi tugagach, «Real Madrid»ga qo‘shildi.
Mbappe Ispaniya poytaxtiga ulkan umidlar bilan keldi — uning «Santyago Bernabeu»dagi taqdimotiga 80 mingga yaqin muxlis yig‘ildi. U Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan jamoaga qo‘shildi, biroq Karl Anchelotti uning jamoaga moslashuvi uchun ideal muvozanatni topish bilan kurashdi. Biroq vaqt o‘tishi bilan Mbappe jamoadoshlari bilan yaxshi tushunishib ketdi va hozirda ajoyib formada — so‘nggi 8 o‘yinda 11 ta gol urdi.
Ko‘plab afsonaviy hujumchilar yillar davomida «Real Madrid»ning mashhur oq libosini kiygan, biroq Mbappe debyut mavsumida eng ko‘p gol urish bo‘yicha klub rekordini yangilash yo‘lida.
«Real Madrid»dagi eng yaxshi debyut mavsumlari
Garchi Krishtianu Ronaldu o‘zining ajoyib gollari bilan mashhur bo‘lsa-da, «Real Madrid»ning tarixdagi eng yaxshi to‘purari bu borada birinchi o‘rinda emas. 1992/93-yilgi mavsumda Chililik Ivan Samorano 45 o‘yinda 37 ta gol urib, debyut mavsumida eng ko‘p gol kiritgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan.
Ronaldu va Ruud van Nistelroy esa Madrid safidagi ilk mavsumlarida 33 tadan gol urgan bo‘lib, ikkalasi ham «Manchester Yunayted»dan kelib qo‘shilgan edi.
Agar Mbappe hozirgi tempini saqlab qolsa, u «Real Madrid» tarixida debyut mavsumida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanishi mumkin.

Biroq, Ronaldo ushbu ro‘yxatda yuqoriroq o‘rinda, chunki u ushbu natijaga Niderlandiya terma jamoasi sobiq hujumchisiga qaraganda 12 o‘yinga kam vaqt ichida erishgan. Meksikalik afsona Ugo Sanches va xorvat hujumchisi Davor Shuker esa eng yaxshi beshlikni yakunlaydi.
Mbappe hozircha 38 o‘yinda 28 ta gol bilan oltinchi o‘rinda, biroq 26 yoshli futbolchi hali ham Zamorano rekordini yangilash imkoniyatiga ega. Agar «Real Madrid» Qirol kubogi va Chempionlar Ligasi finaliga chiqsa, jamoa ushbu mavsumda yana 22 ta o‘yin o‘tkazishi mumkin.
Mbappe ayni paytda har o‘yinda o‘rtacha 0.71 gol urmoqda, demak, u rekordni yangilash uchun taxminan yana 15 o‘yinga muhtoj bo‘ladi.