Kevin De Bruyne’ni almashtirish deyarli imkonsiz vazifa bo‘lishi mumkin, ammo “Manchester City” yozgi transfer oynasida Tijjani Reijndersni asosiy yarim himoya nishoni sifatida ko‘zlamoqda. To‘rt marta ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritgach, joriy mavsumda «Man City» Angliya futboli qirolligi tojini topshirdi va Pep Gvardiola kelasi mavsum uchun jamoasini yangilash ishlarini yanvarda boshladi.
Klub besh nafar yangi futbolchi uchun 218 million yevro sarfladi, bu boshqa barcha klublardan ancha yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Ulardan biri — Omar Marmoushning 75 million yevrolik transferi — yanvar oynasidagi transferlar tarixida oltinchi eng qimmat bitim bo‘ldi. De Bruyne jamoadan ketmoqda va Ilkay Gündoganning ham ketishi ehtimoldan xoli emas, shu sababdan “City”ga yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish zarur bo‘lmoqda. “Telegraph” nashriga ko‘ra, Reijnders hozirda klubning asosiy nishoni hisoblanadi.
25 yoshli futbolchi hozirgacha faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazmoqda, garchi “Milan” A Seriyada qiynalayotgan bo‘lsa-da. Biroq italiyalik gigantlar uni qo‘yib yuborish uchun klub tarixidagi eng katta transfer to‘lovini talab qilmoqda.
Tijjani Reijnders kim?
Niderlandiyada tug‘ilgan Reijnders futbolchilik sulolasidan kelib chiqqan: otasi Martin Eredivizieda professional darajada o‘ynagan, ukasi Eliano esa hozirda PEC Zwolle klubida to‘p suradi va Indoneziya terma jamoasida o‘ynaydi. Tijjani vatandagi RKC Waalwijk, PEC Zwolle va AZ Alkmaar klublarida rivojlandi va 2023 yilda 20.5 million yevroga “Milan”ga o‘tdi.


U Italiyadagi birinchi mavsumidayoq yaxshi taassurot qoldirdi — barcha musobaqalarda 50 ta o‘yin o‘tkazdi va “Inter” ortidan ikkinchi o‘rinni egallagan “Milan” safida asosiy figuraga aylandi.
Ammo aynan joriy mavsumda Reijnders muntazam va yuqori saviyadagi o‘yinlari bilan ko‘proq e’tiborni tortdi, garchi “Milan” A Seriyada sakkizinchi o‘rinda turgan bo‘lsa ham. U Italiyadagi uch murabbiy davrida turli rollarda o‘ynagan, ammo hujumga erkin chiqishga ruxsat berilganida porladi. U box-to-box yarim himoyachi sifatida yoki juft markaziy yarim himoyachi sifatida harakat qilishi mumkin. Joriy mavsumda u 15 ta gol urdi, bu Yevropaning top-5 ligalaridagi markaziy yarim himoyachilar orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Tijjani Reijnders: Italiyaliklar nigohida
Reijnders Transfermarkt talqinida Italiyada yilning eng yaxshi futbolchisi mukofotiga nomzod bo‘ldi. TM’ning A Seriya bo‘yicha eksperti Aniello Luchano shunday dedi:
“Milanning mavsumi hayajonli bo‘lmagan bo‘lishi mumkin, lekin Reijndersning yuksalishini yaqqol ko‘rsatdi — u jamoaning eng ijobiy tomonlaridan biri bo‘ldi. U o‘zining pozitsiyasini turli murabbiylar qo‘l ostida moslashtirib bordi — pleymeykerdan tashkiliy roldagi o‘yinchiga aylandi. U yarim himoya va hujum o‘rtasidagi ko‘prik sifatida harakat qiladi, to‘p bilan ham, to‘psiz ham. Erkinroq o‘yin uslubi unga o‘zining dinamizmi va aql-zakovati bilan porlash imkonini berdi. U juda yaxshi ko‘rish qobiliyatiga ega, lekin sof pleymeyker emas. Uni uch yarim himoyachili tizimda ham, juft markaziy o‘yinchi sifatida ham ishlatish mumkin. U to‘pni aqlli uzatadi, har bir pas ijobiy va xavfli bo‘lishi mumkin, chunki u har doim tavakkal qiladi.”
Aniello Reijndersning ustunliklari haqida yana shunday deydi:
“U to‘p tez harakat qiladigan, tor zonalarda o‘ynaladigan, pressing chiziqlarini tez yengib o‘tadigan jamoalarda o‘zini eng yaxshi ko‘rsata oladi. Reijnders ilgari harakatlanuvchi paslar va hujum uchinchi zonasida o‘ynashda ustun. U hamon jamoaviy o‘yinga yaxshiroq moslashishi va samaradorligini oshirishi kerak. Unga himoyaviy mas’uliyat berilmaganda to‘liq porlaydi — u har doim oldinga harakatlanishni istaydi va o‘yinga hujumkor nuqtai nazardan yondashadi.”
“Manchester City” va Tijjani Reijnders
“City”ning Reijndersga qiziqishi haqiqiy va futbolchining bu o‘tishga qiziqishi ehtimoldan holi emas — ayniqsa “Milan” keyingi mavsumda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmaganidan so‘ng. O‘tgan oyda Reijnders o‘z ambitsiyalari haqida shunday degan edi:
“Eng katta maqsadim — imkon qadar ko‘proq sovrinlar yutish. Agar men futbol o‘ynayotgan bo‘lsam, demak ismimni tarixga muhrlash uchun. Kun kelib “Oltin to‘p” uchun da’vogar bo‘lish — bu orzu, albatta. Bularning barchasi mening o‘yinlarim va qo‘lga kiritgan sovrinlarimga bog‘liq bo‘ladi.”


Reijnders hozirda “Milan”ning eng qimmat ikkinchi o‘yinchisi bo‘lib, uning bozor qiymati 50 million yevroga yetgan. So‘nggi bir yil ichida qiymati 20 million yevroga oshgan. U hozirda Italiyadagi eng qimmat 8-o‘yinchi hisoblanadi. “Milan” uni qo‘yib yuborish uchun klub tarixidagi eng katta transfer to‘lovini so‘ramoqchi — bu rekord hozircha Kakáning 2009 yilda “Real Madrid”ga 67 million yevroga o‘tishiga tegishli. “City”ning moliyaviy qudrati sir emas va Reijnders kabi porlayotgan yarim himoyachini qo‘lga kiritish uchun bu summadan ham oshib ketuvchi to‘lov amalga oshirilishi mumkin, garchi u yaqinda 2030 yilgacha yangi shartnoma imzolagan bo‘lsa-da.