2023/24 yilgi mavsumda FC Kopengagen futbolchisi Runi Bardghji Chempionlar Ligasi tarixidagi eng yosh to‘purarlar qatoridan joy oldi – u atigi 17 yosh-u 11 oy 24 kunligida Angliyaning grand klubi Manchester Yunayted darvozasiga gol urdi. Uning ismi va yoshligidayoq Chempionlar Ligasida porlagani sababli u tez orada Ueyn Runi bilan taqqoslana boshlandi. Oradan ikki yil o‘tib, 19 yoshli futbolchi Daniya klubini tark etib, ushbu yozda La Liganing yirik klubi Barselonaga o‘tishi kutilmoqda.

Transfer bo‘yicha insayder jurnalist Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, Barselona Bardghji transferi bo‘yicha kelishuvga juda yaqin va qolgan tafsilotlar yaqin kunlarda hal etiladi. Yosh shved futbolchining joriy bozor bahosi €7.5 million bo‘lib, u Kopengagen safida 84 o‘yinda maydonga tushib, 15 ta gol urishga ulgurgan. Barselona Bardghji transferida ko‘plab top-klublarni ortda qoldirgan ko‘rinadi va yildan oxirida shartnomasi tugashi sababli uni atigi €2 million evaziga qo‘lga kiritishi mumkin. Biroq bitimga qo‘shimcha bonuslar va kelajakdagi sotuvdan foiz ham kiritilishi kutilmoqda. Endi esa savol: Bardghji qancha kuchga ega va u “Kamp Nou”ga nima bera oladi?
Roony Bardghji Barselonaga nima bera oladi?
«U o‘ng qanotdan ichkariga qarab harakat qilishni yaxshi ko‘radigan dinamik ichki hujumchi,» deya tushuntiradi Transfermarkt’ning Daniyadagi skauti Ziyu Ji. Bardghji o‘ng qanotda ko‘p imkoniyatga ega bo‘lmasligi mumkin, chunki bu pozitsiyada jahonning eng qimmat futbolchisi Lamine Yamal to‘p surmoqda. Biroq Ji’ning aytishicha, shved futbolchi juda ko‘p qirrali: “U dribbling va tor hududlarda harakatlana olish qobiliyati bilan tanilgan. Uning kuchli jihatlariga texnikasi, raqiblarini birma-bir aldab o‘ta olish qobiliyati va to‘p bo‘lmagan paytdagi harakatlari kiradi. Shuningdek, u ikkala oyog‘ini yaxshi ishlatadi – Brondbyga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida u ‘zaifroq’ bo‘lgan o‘ng oyog‘i bilan chiroyli gol urgandi.”
Hansi Flik jamoasida Bardghji darrov asosiy tarkibga kira olmasligi ehtimoli katta, u ko‘proq kelajak uchun futbolchi sifatida qaraladi. Ji, shuningdek, 19 yoshli futbolchining kamchiliklari haqida ham gapirdi: “Uning havodagi kurashlari zaif va u barqarorlik ustida ishlashi kerak. Ba’zan o‘yinda butunlay ko‘rinmay qoladigan davrlari ham bo‘ladi.” Biroq Barselona muxlislari Bardghji kimga o‘xshash deb topilganini eshitgach, hayajonlanishi tayin: “Agar uni ikki futbolchiga qiyoslashim kerak bo‘lsa, bu Lionel Messi va Deyan Kulushevski bo‘lardi. Messi – chunki Runining dribbling uslubi unga juda o‘xshaydi. Ba’zi jurnalistlar uni ‘Shved Messi’ deb ham atagan. Kulushevski esa o‘ng qanotdan kesib kirishni yoqtirgani va golli vaziyatlar yaratish qobiliyati bilan o‘xshash.”
“Ba’zi to‘siqlarga qaramay, u kelajakda Yevropaning top klubida asosiy futbolchiga aylanishi aniq,” deya davom etdi Ji. Biroq Bardghji hozirning o‘zida Barselona asosiy tarkibiga tayyormi degan savolga u shunday javob berdi: “Qisqacha aytganda – yo‘q. U 2024 yilning may oyida og‘ir tizzadan jarohat olgandi va hozir yana bir jarohat tufayli safdan chiqqan, biroq tez orada maydonga qaytishi kutilmoqda. U hozircha bu darajadagi o‘yinlarga moslashish uchun kichikroq ligada muntazam o‘yin amaliyotiga muhtoj. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, u Barselona B va asosiy jamoa o‘rtasida o‘yinlarda qatnashadi. Ammo bu uning faoliyati uchun unchalik foydali emas. Barselona Atletik jamoasi yaqinda Ispaniyaning to‘rtinchi divizioniga tushib ketdi va bu daraja unga mos emas.”