Rayan Roberto Braziliyadagi eng istiqbolli yosh iqtidorlardan biri sifatida e’tirof etilgan va bir nechta yirik Yevropa klublari uning rivojlanishini diqqat bilan kuzatmoqda. 17 yoshli futbolchi hali professional debyut qilmagan bo‘lsa-da, “Flamengo” akademiyasidagi o‘yinlari orqali katta obro‘ qozongan. 2025-yilda u klubning U17 jamoasi safida 33 o‘yinda 20 ta gol va 14 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan — bu uning “mo‘’jizaviy bola” sifatidagi maqomini mustahkamladi.
Roberto 2023-yilda “Atletiko Paranaense”dan “Flamengo”ga o‘tgan, biroq Paranaense hali ham futbolchining 50% huquqlariga ega. “Flamengo”da qo‘shimcha 20% ulushni sotib olish opsiyasi mavjud va bu uning salohiyatini inobatga olgan holda oqilona qaror bo‘lishi mumkin. Braziliyaning nufuzli “Globo” nashrining xabar berishicha, “Barselona” va “Ayaks” ushbu iqtidorli vingerga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ispaniyada esa “Barselona” allaqachon “Flamengo” bilan bog‘lanib, narx va shartlarni so‘ragani haqida xabarlar chiqqan. Roberto hali katta auditoriyaga tanilmagan, biroq “Transfermarkt”ning Braziliya futboli bo‘yicha eksperti va jurnalist Tiago Rabelo ushbu futbolchi haqida qiziqarli tafsilotlarni oshkor qilgan.
Rayan Roberto kim? Braziliyalik ekspert sharhi
“Flamengo” tarixidagi eng yirik transfer bu 2018-yilda Vinisius Juniorning €45 million evaziga “Real Madrid”ga o‘tishi bo‘lgan. Rabelo fikricha, Roberto – klub akademiyasidan Vinisiusdan beri chiqqan eng istiqbolli iqtidor:
“Rayan Roberto – Vinisius Juniordan keyin ‘Flamengo’ akademiyasidan chiqqan eng istiqbolli futbolchi, lekin ularning yo‘llari bir-biridan farq qiladi,” – deydi Rabelo. “Vinisius 12 yoshidayoq Braziliyada eng istiqbolli futbolchi deb e’tirof etilgan bo‘lsa, Rayan esa 2023-yilda ‘Atletiko Paranaense’dan ‘Flamengo’ga o‘tgachgina e’tibor qozona boshlagan.”
Ularning o‘yin uslublari ham farq qiladi.
“Rayanning o‘yin uslubi Neymarni eslatadi — qisqa masofalarda dribling bilan ajralib turadi, tezlik emas, texnika bilan ishlaydi. Uning eng kuchli jihati — dribling, ayniqsa birga bir vaziyatlarda juda kuchli. ‘Flamengo’ professional jamoasiga katta sarmoya kiritgani sababli u hali asosiy tarkibda ko‘rib chiqilmagan, lekin klub kelasi yildan boshlab unga imkon berishni rejalashtiryapti. Rayan hali to‘liq shakllanmagan, u hali ko‘p jihatdan o‘sishi kerak. Shaxsan menimcha, u hozircha ‘Barselona’ uchun tayyor emas, balki kelajakda.”
Rayan Roberto yozda ketadimi?
Roberto huquqlarining yarmini “Atletiko Paranaense” saqlab qolayotgani uning transferi bo‘yicha muzokaralarni murakkablashtiradi. Shunga qaramay, “Barselona” qiziqishi jiddiy va Premyer Liga klublari ham uning holatini kuzatmoqda. Vinisius Junior misolida Ispaniya klublarining Janubiy Amerikadagi yosh yulduzlarni erta sotib olishi samarali bo‘lgani isbotlangan. Ammo “Flamengo” moliyaviy tomondan bosim ostida emas va futbolchini sotishga majbur emas, deydi Rabelo:
“Flamengo” hali uning narxini muhokama qilgani yo‘q, ammo klub boshqaruvi va moliyaviy barqarorligini hisobga olsak, u €15-20 milliondan kamiga ketmaydi, deb o‘ylayman. ‘Flamengo’ Braziliya va butun Amerikadagi eng boy klub sanaladi. Ular yosh futbolchilarni moliyaviy muammolarni hal qilish uchun sotishga majbur emas – muzokaralarda juda qat’iy klub.”