Chempionlar Ligasi chorak finalining birinchi o‘yinlari kutilganidek qiziqarli o‘tdi. Deklan Rays “Emireyts” stadionida muxlislarni hayratga soldi — u karyerasidagi ilk ikkita ajoyib jarima zarbasini golga aylantirib, “Arsenal”ga amaldagi chempion “Real Madrid” ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonishga yordam berdi. Shu bilan birga, Lautaro Martines “Bavariya” maydonida tashqaridan bergan, Rikardo Kuarejma uslubidagi zarbasi bilan “Inter”ga 2:1 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi. “PSJ” yana bir bor energiya va nafislik bilan o‘yin ko‘rsatdi va “Aston Villa”ni “Park de Prens”da 3:1 hisobida yengdi. “Barselona” esa Kataloniyada “Borussiya Dortmund”ni 4:0 hisobida mag‘lub etdi.

Kelasi haftadagi javob o‘yinlari ham, shubhasiz, dramatik holatlarga boy bo‘ladi. Dortmundning «Barselona»ga qarshi qaytishi deyarli imkonsizdek tuyulsa-da, agar 3:0 hisobidagi ilk o‘yindagi mag‘lubiyatni ag’darib yuborishga kimdir qodir bo‘lsa, bu — «Santyago Bernabeu»da o‘ynaydigan amaldagi chempion «Real Madrid» bo‘lishi mumkin. «Aston Villa» esa «PSJ»ni ortda qoldirish uchun «Villa Park»da hayratlanarli o‘yin ko‘rsatishi kerak bo‘ladi, «Bavariya» esa Milanda alohida bir iqtidor namoyish etishi lozim. Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqish katta motivatsiya bo‘lib xizmat qilganligi sababli, jamoalar barcha kuchlarini ishga solishadi.
Ammo, yillar davomida qaysi millat futbolchilari Chempionlar Ligasi yarim final bosqichiga eng ko‘p yetib borgan? Transfermarkt bu borada hisob-kitoblar olib bordi.
Qaysi millat futbolchilari eng ko‘p UCL yarim finaliga chiqqan?
Birinchi o‘rinda Ispaniya turibdi — so‘nggi 30 yilda 189 futbolchi jami 419 marta yarim finalga chiqqan. Eng ko‘p chiqish qilgan futbolchilar: Dani Karvaxal, Tiago Alkantara, Serxio Ramos, Xavi, Xabi Alonso va Iker Kasilyas — ularning har biri 9 martadan yarim finalda qatnashgan.
Ikkinchi o‘rinda Germaniya — 141 futbolchi jami 259 marta yarim finalda o‘ynagan. Toni Kroos 9 marta bilan eng yuqori natijaga ega.
Uchinchi o‘rin Fransiyaga nasib etgan — 154 futbolchi jami 254 marta yarim finalga chiqqan. Bu boradagi eng katta hissa Karim Benzemaga tegishli — u 11 marta yarim finalda qatnashgan.
Italiya to‘rtinchi o‘rinda — 116 futbolchi jami 213 marta yarim finalga chiqqan.
Braziliya esa ro‘yxatda birinchi yevropalik bo‘lmagan mamlakat bo‘lib, beshinchi o‘rinni egallagan — 101 futbolchi jami 197 marta yarim finalda qatnashgan.
Angliya oltinchi o‘rinda — 95 futbolchi jami 180 marta yarim finalga yetib borgan.
Niderlandiya yettinchi o‘rinda — 137 marta yarim finalda qatnashgan.
Ularning ortidan Argentina kelmoqda — 109 marta, bu ko‘rsatkichning 8 tasini Lionel Messi ta’minlagan.
Portugaliya to‘qqizinchi o‘rinda — 104 marta, bu yerda esa 11 ta yarim final ishtiroki Krishtianu Ronaldoga tegishli.
Xorvatiya esa kuchli o‘nlikni yakunlab turibdi — jami 42 ta yarim final ishtiroki.