Yevropa klublari yosh futbolchilarni asosiy tarkibga integratsiya qilishga hech qachon hozirgidek ahamiyat bermagan bo‘lishi mumkin. Muxlislar uchun yosh iste’dodlarning rivojlanib, o‘z salohiyatiga yetib borishini tomosha qilishdan zavqliroq narsa yo‘q. Bundan tashqari, yosh futbolchilar klublar uchun katta daromad manbai bo‘lishi ham mumkin, chunki ularni yetishtirib, keyinchalik katta foyda evaziga sotish mumkin.
Angliya Premyer-ligasi klublari moliyaviy barqarorlik va foyda qoidalari tufayli akademiya bitiruvchilarini rivojlantirish va sotishdan bevosita foyda olishadi. Biroq, eng kuchli Yevropa klublari har doim eng yaxshi mahalliy iste’dodlarni o‘z safida saqlab qolishga harakat qiladi, chunki ular jamoa muxlislari orasida katta e’tibor va sevgiga ega bo‘ladi. Transfermarkt’ning so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, Strasbourg bu mavsumda 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarga eng ko‘p daqiqa bergan top-5 liga klubi bo‘ldi. Barcelona ikkinchi o‘rinda, RB Leipzig esa uchinchi pog‘onada joy oldi. Endi esa, ushbu mavsumda barcha musobaqalarda eng ko‘p o‘yin vaqtiga ega bo‘lgan U21 futbolchilarni ko‘rib chiqamiz.
Ushbu mavsumda eng ko‘p o‘ynagan U21 futbolchilar
Barcelona akademiyasi – La Masia so‘nggi yillarda yana jonlanish davriga kirdi. Pau Kubarsi (3,195’) bu mavsumda top-5 ligalar orasida U21 toifasida eng ko‘p o‘ynagan futbolchi bo‘ldi. Ispaniyalik yosh himoyachi «ko‘k-anorranglilar» uchun asosiy o‘yinchiga aylangan. Uning jamoadoshi va Ispaniya terma jamoasi vakili Lamine Yamal (3,092’) uchinchi o‘rinda. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, u tarixdagi eng qimmat baholangan o‘smir futbolchi hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rin esa Jude Bellinghamga nasib etdi. Real Madrid yulduzi ushbu mavsumda 3,155 daqiqa o‘ynab, 11 gol va 11 golli uzatma bilan jamoasiga katta hissa qo‘shdi. Barcelona himoyachisi Alejandro Balde (2,903’) ham kuchli beshlikka kirdi, shu bilan birga Bayer Leverkusenning yosh iqtidorli futbolchisi Florian Virts ushbu ro‘yxatdagi yagona non-LaLiga futbolchisi bo‘ldi.
Premyer-ligada uch nafar futbolchi kuchli o‘nlikdan joy oldi: Riko Lyuis (Manchester City), Milosh Kerkes (Bournemouth) va Archie Gray (Leeds United). Ligue 1 vakili sifatida PSG futbolchisi Joao Neves, Serie Adan esa Juventusning iqtidorli futbolchisi Kenan Yildiz ro‘yxatdan joy oldi.
Tabiiyki, Yevropa musobaqalarida ishtirok etayotgan jamoalarning futbolchilari ushbu ro‘yxatda yuqori o‘rinlarni egallashga moyil bo‘ladi. Biroq, Arda Gyuler atigi 142-o‘rinni egalladi, chunki u Real Madrid safida kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Uning jamoada imkoniyat topa olmasligi mavsum davomida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
