Krishtianu Ronaldu Saudiya Pro-ligasini to‘purar sifatida yakunladi, so‘ngra sirli tviti bilan kelajagi haqida qizg‘in taxminlarga sabab bo‘ldi. Ronaldu Al-Nassr bilan yana biror sovrin yuta olmadi, ammo 25 ta liga goli bilan Ivan Toneydan ikki, sobiq Real Madriddagi jamoadoshi Karim Benzemadan to‘rtta golga ko‘proq urib, tasalli mukofotini qo‘lga kiritdi. Yakuniy turda Al-Fateh ustidan 3:2 hisobidagi g‘alabaga qaramay, agar Al-Qodsiyah shu haftada Qirol Kubogini yutsa, Al-Nassr OFK Chempionlar ligasiga yo‘llanmani qo‘ldan boy beradi.
Ronalduning Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgandan beri katta sovrin yutmaganidan noroziligi hech kimga sir emas va u X ijtimoiy tarmog‘ida: “Bu bob tugadi. Hikoya esa? Hali yozilmoqda. Barchaga minnatdorman,” deb yozib, kelajagi haqida ishora qildi. Ronalduning Al-Nassr bilan shartnomasi shu yozda tugaydi va u hali uni uzaytirmagan. Uning bu posti ko‘pchilik tomonidan yangi chaqiriq izlayotganining belgisi sifatida qabul qilindi. 40 yoshli futbolchi so‘nggi haftalarda bir nechta klublar bilan bog‘lanmoqda va biz uning beshta mumkin bo‘lgan transfer manzilini tahlil qildik.
Krishtianu Ronaldu: Besh mumkin bo‘lgan transfer manzili
Braziliya
So‘nggi haftalarda Ronalduning Braziliyaga o‘tishi haqida mish-mishlar kuchaydi, chunki u Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etishi mumkinligi aytilmoqda. FIFA prezidenti Janni Infantino: “Krishtianu Ronaldu Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘ynashi mumkin. Ba’zi klublar bilan muzokaralar ketmoqda,” degan edi. Botafogo, Fluminense, Flamengo va Palmeiras kabi to‘rtta braziliyalik klub ushbu musobaqada ishtirok etadi va Ronalduning ishtiroki turnirga e’tiborni oshiradi.
Al-Hilol
Ronaldu hozirda Saudiya Arabistonida juda yuqori maosh olmoqda va bu uni Yaqin Sharqdan tashqaridagi klublar uchun deyarli imkonsiz qiladi — agar u sezilarli darajada maoshini kamaytirishga rozi bo‘lmasa. Ammo, OAV xabarlariga ko‘ra, Ronaldu Saudiya Arabistonida qolib, raqib jamoa Al-Hilolga o‘tishi mumkin. Al-Hilol ilgari ham Ronalduni jalb qilishga harakat qilgan va Saudiya ligasida shartnomalar markazlashtirilgan bo‘lgani uchun bu o‘tish rasmiylashtirilishi mumkin. Al-Hilol ham Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etadi va bu transfer real variant sifatida ko‘rilmoqda.
Monterrey
Ronaldu Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘ynashi haqidagi xabarlarga ko‘ra, Meksikaning Monterrey klubi bilan bog‘lanmoqda. Musobaqa 14-iyunda boshlanadi va Monterrey bu turnirda Meksikani himoya qiladi. Klub safida Ronalduga tanish bo‘lgan sobiq jamoadoshi Serxio Ramos ham bor. Ular Real Madriddagi vaqtlarida yaqin munosabatda bo‘lishgan.

Esperance Tunis
Tunis klubiga o‘tish ehtimoli juda past bo‘lsa-da, AS nashrida Esperance Tunis nomi tilga olingan. Ronalduning bu klubga o‘tishi faqat vaqtincha bo‘lishi mumkin — ya’ni Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘ynashi uchun. FIFA rahbari Infantinoning yaqin-yaqinda aytgan gaplari bu ehtimolni biroz kuchaytirdi. Esperance Tunisning joriy tarkibi atigi 19,85 million yevroga baholangan, eng qimmat futbolchisi esa 1,8 million yevro turadi. Shunday qilib, Ronalduning porloq faoliyatini Tunisdagi klubda yakunlashi deyarli imkonsiz.
Sporting CP
Ronaldu uchun faoliyatini boshlagan Sporting CP klubiga qaytish afsonaviy faoliyatining ramziy yakuni bo‘lishi mumkin. Lissabon klubi Ronalduning Manchester Yunaytedga o‘tishidan oldin faoliyatidagi birinchi yirik bosqich edi. U ilgari Sportingga qaytishni hech qachon o‘ylamaganini aytgan, ammo faoliyatining so‘nggi bobida bu fikri o‘zgarishi mumkin. Portugaliya chempioni Viktor Gyökeresni bu yozda yo‘qotadi va Ronaldu bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun «uyga qaytishi» mumkin. Chunki top-5 liga klublaridan jiddiy taklif olish ehtimoli past.